ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Savol va Javoblar
Firqalar haqida

 

Savol: Ma’lumki, hozirgi kunda turli yo’nalishlar, katta-kichik jamoalar musulmonlik da’vo qiladiganlar va o’z yo’llarini eng to’g’ri yo’l ekanini tasdiqlaydilar. Ayting-ch, musulmonlar nega buncha firqalarga bo’linib ketgan va umuman, Islom tarixidagi ilk bo’linish qachon sodir bo’lgan?

 

Javob: Islom dinida ham, boshqa dinlardagi kabi bo’linishlar, firqalarga ajralishlar sodir bo’lgan. Payg’ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) ogohlantirib aytganlar: Yahudiylar 71 firqaga, nasroniylar 72 firqaga bo’linib ketgan edilar. Mening ummatim 73 firqaga bo’lingaylar. Ulardan bittasigina najot topib, omon qolur, qolganlari esa do’zax ahlidirlar” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bu mo’’jizaviy bashoratlari vafotlaridan keyin tasdig’ini topdi. U firqalardan qadariya, murjia va xavorijlarni o’z hadisi shariflarida nomma-nom keltirib, ulardan ehtiyot  bo’lishni vasiyat qilganlar.

Ana shu zikr qilingan firqalardan xorijiylar Islom ummatidan ajralib chiqqan ilk firqa bo’lib, ularning xuruji milodiy yettinchi asrning ikkinchi yarmiga to’g’ri keladi. Horijiylar Hazrat Ali (karramallohu vajhahu)ni ayblab, ajralib ketgan va keyinchalik hazrat Ali (karramallohu vajhahu)ga qarshi kurash boshlagan. Ana shu guruh tarafdorlari “xorijiylar ” deb nom olgan.

Xorijiylar fikricha, e’tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. E’tiqod, gunohkor kishilaarni jazolash masalalarida xorijiylar murji’iylarga qarshi turgan.

Keyinchalik xorijiylar bir necha mayda guruhlarga bo’linib ketgan. Ummaviy va  xalifalar  VII-IX asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida xorijiylar qirib tashlandi, ularning qolganlari Shimoliy Afrika davlatini vujudga keltirdi. Xorijiylar ko’pgina qo’zg’olonlarda (zinjiylar qo’zg’olonlarda, Abu Muslim qo’zg’oloni va boshq.) qatnashgan. Hozir xorijiylarning ibodiylar firqasi Jazoir, Tunis, Ummon va Tanzaniyada uchraydi.

 

Usmonxon Alimov

“So’ragan edingiz...”