ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Savol va Javoblar
Qaffol Shoshiy haqida

 

Savol: Qaffol Shoshiy hazratlari haqida ma’lumot bersangiz?

 

Javob: Islom olamida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi “imom” darajasiga erishgan buyuk allomalar qatorida Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ismoil Qaffoli Shoshiy ham alohida o’rin egallaydi. Zamondoshlari tomonidan “Hazrati Imom” deb ulug’langan bu zot ba’zi arab alohida hurmat bilan nomiga “katta, ulug’” ma’nolarini ifodalovchi “Kabir” so’zi qo’shib yozilgan. Alloma mohir hunarmand ham bo’lib, hallolligi, to’g’riso’zligi hunarmandlar orasida tanilgani bois “Qaffol”, ya’ni qulfchi nomi bilan hurmat qozongan va bu u zotning taxallusiga aylangan. Alloma (hijriy 291) 904 yilda qadimgi Shosh (Respublikamiz poytaxti Toshkent)da tug’ilgan.

Muhaddis, faqih, adib, shoir va tilshunos alloma bir qator kitoblar, jumladan, “Kitob fi usul al-fiqh” (fiqh usullari kitobi), “Sharh ar-risola” (Risola sharhi), “Al-Jadal al –hasan” (Dialektika go’zalligi), “Javomi’ al-kalim” (Hikmatli iboralar to’plami), “Adab al-qozi” (Qozining odobi), “Mahosin ash-shari’a” (SHariat go’zalliklari), “Daloyil al-nubuvvat” (Payg’ambarlik dalillari), “At-talxis fil-furu’” (Furu’dagi qisqartma) kabi asarlar muallifidir. Alloma o’zining “Javomi al-kalim” asarida 1200 ta sahih hadislarning roviy va isnodlarini to’liq keltirgan bo’lsa, “Mahosin ash-shari’a” kitobida Rasullulloh (alayhissalom)ning mo’jizalarini badiiy uslubda jamlagan hamda 1000 dan ortiq hadislarni ko’rsatib o’tgan.

976 yilda vafot etgan (hijriy 366 yil) alloma dafn etilgan yerda X asr me’morchilik uslubida ixcham maqbara quriladi. Uni XIV-XV asrlarda Amir Temur hazratlari qayta bunyod ettirdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2007 yil 20 fevraldagi “Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamg’armasini qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi qarori asosida mazkur majmua to’lig’icha qayta ta’mirlandi va hazrat Qaffol Shoshiyning musulmon olamidagi qilgan xizmatlari asrlar o’tib munosib baholandi.

 

Usmonxon Alimov

“So’ragan edingiz...”