ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Savol va Javoblar
Qarz haqida

 

Savol: Qarz olish va qarz berish juda nozik masala hisoblanadi. Ayniqsa, hozirgi vaqtda bu borada odamlar orasida o’zaro kelishmovchiliklar kelib chiqmoqda. Bu masalaning o’ziga yarasha qonun-qoidalari mavjud bo’lib, hamma ham yaxshi tushunmaydi. Sizlardan iltimos, qarz olish va berish qonun-qoidalari haqida kengroq tushuncha bersangiz.

 

Javob: Qarz olish va berish shariatimizda muboh amallardan hisoblanadi. Albatta, inson hayoti doimo bir tekis davom etmaydi. Ba’zida yordam va ko’makka muhtoj bo’lib qoladi.

Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: "Kim birorta musulmonni dunyo tashvishlarining biridan qutqazsa, Alloh taolo u bandaning qiyomat kunidagi bitta tashvishidan qutqazadi. Kim biror kishining og’irini yengil qilsa, Alloh taolo u bandaning dunyo va oxiratdagi ishini yengil qiladi". Imom Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Birorta musulmon kishi boshqa bir musulmonga ikki marta qarz bergan bo’lsa, sadaqa qilganlik savobini topadi", deganlar. Boshqa bir hadisda esa: "Sadaqa qilgan odamga o’nta savob, qarz bergan odamga o’n sakkizta savob bo’ladi", deyilgan. Lekin shuni bilish zarurki, qarz olish va berishning o’z qonun-qoidalari bor. Alloh taolo Qur’oni karimda: "Ey imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo’yingiz!.." degan. (Baqara surasi, 282-oyat).

 

Bundan tashqari: "...Sizlar rozi bo’ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini guvoh qilinglar. Agar ikki erkak topilmasa, bir erkak bilan ikki ayoldir — biri (unutib) adashganda, ikkinchisi eslatadi", deb marhamat qilgan. (Baqara surasi, 282-oyat).

 

Qarzni olingan vaqtda uni yozib qo’yish yoki unga guvohlar chaqirish keyinchalik qarz oldi-berdi qiluvchilar orasida tushunmovchiliklar, turli nizolar chiqmasligini ta’minlaydi.

 

Shariatimiz qarz oldi-berdi muomalasiga ruxsat berar ekan, o’z navbatida har ikki tarafga ham o’zining talab va mas’uliyatlarini yuklaydi. Qarzdor kishi qarzini imkon qadar tezroq uzishga harakat qilishi lozim. Qarzini uzishga yetadigan moli bo’laturib, uni egasiga bermay vaqtni o’tkazib yurish zulmdir. Qarzini uzishga qodir bo’laturib, uni ado etmay vafot etib ketgan kishi haqida vorid bo’lgan hadislarda aytilishicha, unday kishi gunohkor bo’ladi, uning gunohini Alloh taolo kechmaydi.

 

Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unday odamning janozasini ham o’qimaganlar. Ammo, shuni ham alohida ta’kidlab o’tish joizki, kishi muhtojligi tufayli qarz olgan, lekin uni ado eta olmay vafot etib ketgan bo’lsa, unday kishining niyati yaxshi bo’lgani, ammo taqdir taqozosi bilan qarzini uza olmagani uchun qiyomat kunida unga qarz bergan odamni Xudoning o’zi rozi qiladi. Ya’ni, bergan qarzi evaziga uning gunohlarini kechiradi, savoblarini ziyoda qilib beradi va shu orqali qarzdorni qarzidan forig’ qiladi. Bu haqda ham hadis vorid bo’lgan.

 

Shu o’rinda shariatimiz qarz beruvchi kishiga ham bir qancha talab va mas’uliyatlar yuklaydi. Jumladan, qarz berganda, avvalo, birovning og’irini yengil qilish bilan Allohning roziligini topishni maqsad qilish lozim. Qarz berib, uning evaziga qarzdordan foyda olish sudxo’rlikdir. Bundan tashqari, qarz bergan kishi qarzini qistayvermasligi, iloji boricha unga imkoniyat berishi, vaqtini uzaytirib turishi lozim. Agar qarzini uza olishiga umuman ko’zi yetmasa, qarzidan kechib yuborsa, savob bo’ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: "Agar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Agar bilsangiz, (bergan qarzingizni qarzdorga) sadaqa qilib yuborishingiz o’zingiz uchun yaxshiroqdir", deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 280-oyat).

 

Bu haqda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham: "Kimki qarzini uzishga qiynalgan odamga muhlat bersa yoki qarzini butunlay kechib yuborsa, qiyomat kunida Alloh taolo uni o’zining arshi soyasiga oladi", deganlar.

 

Shunday ekan, qarz oldi-berdi qiluvchilar o’z huquq va mas’uliyatlarini yaxshi bilish bilan bir qatorda, bir-birlariga nisbatan fazilat va muruvvatni unutmasliklari lozim.

 

Usmonxon Alimov,

“So’ragan edingiz...”