ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Kembrij universiteti eshiklari o’zbekistonlik tadqiqotchilar uchun ochildi

Avval xabar qilinganidek, Buyuk Britaniyada bo’lib turgan mamlakatimizning bir guruh isloshunos, sharqshunos olimlari 4 mart kuni Kembrij universitetiga tashrif buyurib, ushbu nufuzli ta’lim dargohining professorlari, sharqshunos olimlari bilan uchrashuvlar o’tkazdilar.

Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori professor S.Saksena bilan O’zbekistonda yangi tashkil etilgan Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O’zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi hamda Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi o’rtasida hamkorlik bo’yicha kelishuvga erishildi.

Unga ko’ra, Kembrij universitetining professor-o’qituvchilari Toshkent islom universiteti, O’zbekiston Islom akademiyasining talaba va tadqiqotchilari uchun maxsus ma’ruzalar o’qiydi, mamlakatimizda o’tkaziladigan xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etadi. O’zbekistonlik tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari Kembrij universitetining nufuzli nashrlarida chop etiladi. Kembrij va O’zbekiston olimlari qo’shma ilmiy guruhi tashkil etiladi. Hamkorlikda dolzarb mavzulardagi ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Tomonlar shuningdek, Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalarini ta’sis etish to’g’risida ham kelishib oldilar. O’zbekiston delegatsiyasi Kembrij universiteti bilan talabalar, amaliyotchi tadqiqotchilar almashuvi, o’quv, ilmiy va oilaviy turizmni yo’lga qo’yishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

S.Saksena O’zbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o’rganish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.

“Britaniyadagi qadimiy binolar Oksford, Kembrij universiteti kollejlari Buxoro va Samarqand madrasalarining me’moriy uslubi asosida bunyod etilgan. Bu ikki mamlakat o’rtasidagi do’stnoma munosabatlar tarixi uzoq o’tmishga borib taqalishining yaqqol isbotidir.

Biz O’zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Kembrij kutubxonasida saqlanayotgan turkiy, forsiy qo’lyozmalarni tadqiq etib, kataloglar tayyorlaydigan o’zbekistonlik mutaxassislarga ehtiyojmandmiz”, - deydi Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori S.Saksena.

Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, joriy yilning 12 fevralidan e’tiboran Kembrij universitetida o’zbek tili darslari tashkil etilgan. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq yangi o’quv yilidan boshlab O’zbekistondan kelgan mutaxassislar Kembrij universitetida o’zbek tilidan dars bera boshlaydilar.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o’rtasidagi o’zaro ishonch va do’stona munosabatlar barcha sohalar qatori ilm-fan yo’nalishida ham jadal rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor qildilar.

 

918
04.03.2018