ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Xalqaro Press-klubda Prezident Farmoni muhokamasiga bag’ishlangan sessiya bo’lib o’tdi

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar qatori diniy-ma’rifiy sohani yanada rivojlantirish borasida ham ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda, amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda. 

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2018 yilning 16 aprel kuni e’lon qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Farmoni Xalqaro Press-klub maydonida muhim muhokama mavzusiga aylandi.

Ko’p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo’shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o’rganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

So’nggi bir yarim yil davomida mamlakatimizda Imom Termiziy hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Buxoroda “Mir arab” Oliy madrasasi ochildi, O’zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotalari avvalgi yillarga nisbatan ikki barobarga oshirildi.

Kalom, Hadis, Aqida kabi Ilmiy maktablar respublikamiz bo’ylab o’z faoliyatini boshladi. 2017 yil 13 sentyabr kuni «O’zbekiston» teleradiokanalining «Hidoyat sari» studiyasi va «Ziyo media markazi» faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

 

Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan mazkur islohotlar boy ilmiy-tarixiy merosimizni o’rganish va targ’ib qilishga xizmat qilish bilan birga necha asrlardan beri Islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy ma’rifatini yanada yuksaltirishda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, dunyoda ro’y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Ushbu maqsadda Farmonda qator ustuvor yo’nalishlar belgilangan. Jumladan, “jaholatga qarshi ma’rifat” ulug’vor g’oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish; jamiyatda bag’rikenglik, o’zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish; diniy va dunyoviy bilimlar uyg’unligini rivojlantirish asosida ta’lim sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish kabi vazifalarni qayd etish lozim.

Farmonda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita tuzilmasida Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o’rganish axborot-tahlil markazi, O’zbekiston islom akademiyasi va Toshkent islom universiteti negizida O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning tarkibida Qoraqalpog’iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo’lgan Malaka oshirish markazi, oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, boy diniy-ilmiy merosini keng targ’ib qiluvchi, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka etkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilishi, O’zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilishi singari vazifalar belgilab qo’yilgan.

Ushbu sessiyada tegishli idora va tashkilot rahbarlari, diniy-ma’rifiy soha va OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 

1295
27.04.2018