ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Ramazon oyingiz muborak bo’lsin!

Kunlar kunlarni quvib, oylar oylarga almashib zaminimizga muborak Ramazon oyi kirib kelmoqda. Mo’min-musulmonlar qalbda cheksiz hayajon, intizorlik va alohida tayyorgarlik bilan ushbu mohi sharifni qarshi olmoqqa shaylar. 

Rivoyatlarda kelishicha, Ramazon oyi kirishi arafasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar! Buyuk va muborak oy sizlarga yaqin keldi”, deb marhamat qilgan ekanlar. Ha, intiq kutilayotgan ushbu oy buyuk va muborakdir. Zero, Olamlarning Robbisi Alloh taoloning O’zi Ramazonni muhtaram qilgan hamda sharafini ziyoda etgan.  Bu oy – eng ezgu amallar, savob ishlar pallasi, xayru saxovat, mehru muruvvat, rahmat va mag’firat ayyomi. Uning ana shunday behisob fazilatlaridan unumli foydalanib qolish har bir musulmonning oliy maqsadidir.

         “Ziyo” media markazi ijodiy jamoasi yurtdoshlarimizni, qadrli muxlislarimizni ana shu qutlug’ oy bilan chin dildan muborakbod etgan holda, o’z dasturlari orqali siz azizlarga Ramazon tuhfalarini taqdim etishini ma’lum qiladi. Ushbu muborak oy davomida har kuni “O’zbekiston” telekanalining “E’tiqod mustahkamligi yo’lida” rukni ostida “Hidoyat sari” dasturlari bilan birgalikda ko’rsatuvlarimizni tomosha qilishingiz mumkin. Ijodiy jamoa muborak Ramazon oyining xalqimiz hayotida tutgan o’rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, ushbu dasturlarda Ramazon  fazilatlarini kengroq ochib berishga harakat qiladi, bu oydan yanada ko’proq manfaat olish uchun qaysi amallarga ahamiyat qaratish zarurligiga hamda muxlislardan kelib tushgan savollarga alohida to’xtaladi.

         SHu bilan birga “Oriat dono” va “Navro’z” radiokanallari orqali “Ziyo chashmasi” hamda “Ma’rifat ziyosi” ruknlari ostida Ramazon suhbatlari ham efirga uzatiladi. Har kuni saxarlik va iftorlik vaqtlarida yurtimizdagi eng yetuk ilm ahllari, imom domlalarimizning ma’rifatga yo’g’rilgan mavzulardagi ma’ruzalariga some’ bo’lishingiz mumkin.

         “Ziyo” media markazi Ramazon oyini munosib tarzda o’tqazish maqsadida siz aziz muxlislarga tayyorlagan tuhfalari shular bilan tugamaydi. Bizni internet manzillari, ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy kanallar orqali kuzatib boring va yanada dolzarb va muhim loyihalarimizdan bahramand bo’ling.

         Ramazon oyingiz muborak bo’lsin!     

 

 

442
16.05.2018