ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
QARDOSH DAVLATLAR O’RTASIDAGI TARIXIY MEMORANDUM

2-iyun kuni Turkiya Jumhuriyatinng bir guruh olim va professorlaridan iborat ilmiy delegatsiya Samarqandga tashrif buyurishdi.

Mehmonlar orasida Turkiyaning bir nechta oliygohlarida faoliyat olib borayotgan rektorlar, rektor o’rinbosarlari, ilohiyot fakulьtetlari dekanlari jami 36 nafardan iborat kalom, fiqh, hadis, tafsir, tasavvuf va dinlar tarixi sohasidagi fan doktori va professorlar joy olgan.

Ilmiy delegatsiya a’zolari dastlab Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurishdi. Ularni majmuada Samarqand viloyati bosh imom xatibi Z.Eshonqulov bilan birgalikda Samarqand imom xatiblari hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori SH.Ziyodov va ilmiy xodimlar jamosi kutib olishdi. Mehmonlar Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishib, U zotning haqlariga Qur’on o’qib, ikki do’st mamalakat xalqlariga ezgu tilak va duolar qilindi.

SHundan so’ng, mehmonlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning qarori asosida qurilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy - tadqiqot markazi bilan tanishishdi. Markazda olib borilayotgan qurilish ishlari va markazning asosiy maqsadlari haqida markaz direktori SH.Ziyodov delegatsiya a’zolariga gapirib berdi.

Mehmonlar IBXITM qo’lyozmalar fondi bilan ham tanishib, bu yerdagi nodir qo’lyozma va toshbosma asarlarni ko’zdan kechirishdi. Delegatsiya tarkibida kelgan Marmara universiteti ilohiyot fakulьteti professori Nejdat Tusun O’zbekistonga ko’p bor ilmiy-tadqiqot ishlari bilan kelganligi va bu yurtdan yetishib chiqqan allomalarning qoldirgan boy ilmiy merosi hozirda ham butun dunyoni lol qoldirib kelayotganligini ta’kidladi.  

SHundan so’ng, Imom Buxoriy xalqaro markazi majlislar zalida Turk-O’zbek olimlari o’rtasida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatini IBXITM direktori SH.Ziyodov olib bordi va Turkiyalik olimlarni muborak Ramazon oyining ulug’ kunlarida yurtimizga qilgan tashriflari bilan samimy qutlab IBXITM faoliyati haqidagi prezintatsiyani namoyish qildi. 

SHundan so’ng, Ibn Haldun Universiteti rektori, professor Rejep Senturk so’zga chiqib, O’zbekistonga kelganidan va o’zbek xalqining mehmondo’stligidan juda xursand ekanliklarini izhor qildi.

U nutqi davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bilan birgalikda kelajakda “Imom Buxoriy” nomli simpoziumni tashkil etish niyati borligini va bu simpozium avval Turkiyada bo’lib o’tganligini endi esa, aynan, O’zbekistonda tashkil etish o’ta muhim ekanligini bildirib o’tdi.

Davra suhbatida Istanbul Sabahitdin Zaim universiteti rektori, professor Mehmet Bulut so’z olib, IBXITM qo’lyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarning naqadar qimmatliligini e’tirof etib, ulardan ilmiy tadqiqotlarda foydalanish katta ahamiyat kasb etishi va Istanbul Sabahitdin Zaim universiteti hamkorligida qo’lyozmalar sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yo’lga qo’yish taklifini bildirdi. Mehmet Bulut nutqi davomida bugungi kunda Turk-O’zbek ilmiy-amaliy hamkorligini ko’rolmaydiganlar ham yo’q emasligini ta’kidlab o’tdi.

SHundan so’ng, Kastamonu universiteti prorektori, professor Ali Rafet O’zgan so’z olib, IBXITM va Kastamonu universiteti o’rtasida ilmiy aloqalar boshlanib ketganligini ma’lum qildi. 2017 yil 5-7 may kunlari Kastamonu universitetida o’tkazilgan “Hanafiylik-Moturidiylik” xalqaro simpoziumda IBXITM xodimlari ishtiroki bo’lib o’tganligini esga oldi. U joriy yilning kuz oylarida  Kastamonu universitetida yana bir katta xalqaro simpozium tashkil etilayotgani va unda albatta O’zbekitonlik olimlar ishtirok etishlariga umid bildirdi.

Istanbul universiteti ilohiyot fakulьteti degani Murtazo Badr tadbirda so’zga chiqib, O’zbekistonda hali o’rganilmagan ko’plab qo’lyozmalarni tadqiq etish, ularni kataloglarini tuzish va keng ilmiy jamoatchilikka yetkazish zarurligini ta’kidladi. Bunday xayrli va savobli ishda albatta o’zbek-turk olimlari hamkorligi lozimligini aytib, agarda ilmiy hamkorlikka chaqirilsa birinchilar qatoridan kelib ilm yo’lida bor tajribasini o’zbek olimlari bilan baham ko’rishini bildirdi.

Davra suhbati yakunida Ibn Haldun universiteti, Istanbul Sabahitdin Zaim universiteti, Kastamonu universiteti va Istanbul universitetlari o’rtasida xalqaro aloqalarni o’rnatib, ilmiy‑amaliy hamkorlik qilish maqsadida ikki tomonlama memorandum imzolandi.

IBXITM direktori SH.Ziyodov mehmonlarni Samarqand shahriga qilgan tashriflari bilan yana bir bor qutlab, ularga IBXITM ilmiy xodimlari tamonidan nashr etilgan “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Samarqand allomalari”, “Qo’lyozmalar katologi”, “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy jurnali va IBXITM faoliyati haqida turk tilida ma’lumot beruvchi bukletlardan sovg’alar ulashdi. 

 

Diniy-ma’rifiy bo’limi xodimi T.Evadullaev

IBXITM Matbuot xizmati

309
03.06.2018