ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar dunyoning yetakchi ekspertlari nigohida

Yaqinda AQSHning J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda Institut direktori Svante Kornell tomonidan «O’zbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model» nomli maqola e’lon qilindi.

Maqolada O’zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan tub o’zgarishlarga ijobiy baho berilgan. Mualliflar O’zbekistondagi bu yangilanishlar mamlakat Prezidentining shaxsiy tashabbusi asosida amalga oshirilayotganini alohida qayd etganlar.

Tadqiqotchilar O’zbekiston Rahbariyatining diniy sohadagi siyosatiga yuqori baho beradilar. Jumladan, maqolada jinoiy faoliyati uchun javobgarlikka tortilgan, qilgan ishidan pushaymon bo’lib, tuzalish yo’lini tanlagan 16 mingdan ortiq fuqarolarning «maxsus hisob»dan chiqarilishi, xorijda yurgan shu toifadagi shaxslarni mamlakatga qaytarish bo’yicha olib borilayotgan ishlar alohida qayd etilgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, O’zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev davrida O’zbekistonning boy diniy-ma’naviy tarixga da’vogarligi amaliy harakatlarda namoyon bo’lmoqda. Uning davrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

«O’zining boy o’tmishga ega ekanini e’tirof etish bilan bir qatorda, O’zbekiston ana shu tarixni ilmiy asosda o’rganish va hayotga tadbiq qilishga harakat qilayotgani butun musulmon dunyosi uchun avvallari uchramagan, yangi yo’nalishni taqdim etmoqda», – deyiladi maqolada.

Mualliflarning ta’kidlashicha: «Mintaqa, islomning e’tiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin SHarqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga ko’ra, musulmon dunyosining markazi bo’lishga haqli».

O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari musulmon dunyosining eng ilg’or ilmiy kashfiyotlari, bebaho diniy manbalari arablar tomonidan emas, balki aynan markaziy osiyoliklar tomonidan amalga oshirilgan, degan fikrni ilgari suradilar.

Jahonning yetakchi ekspertlari va ilmiy doiralari tomonidan O’zbekistondagi  diniy-ma’rifiy islohotlarga bildirilayotgan munosabat, hech shubhasiz, mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro maydonda e’tirof etilayotganining amaliy ifodasidir.

 

Shoazim Minavarov,

O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori

 

 

 

247
30.06.2018