ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Hajga ketayotgan ayollarga kiyim borasida tavsiyalar

Mana, bir umr kutilgan kunlar yetib keldi. Siz, inshaalloh, zimmangizdagi burchni ado etish – muborak haj ziyoratini amalga oshirish baxtiga muyassar bo’lasiz. 

Mazkur ziyorat mobaynida ibodatlarga to’liq mashg’ul bo’lish, boshqa narsalarga chalg’imaslik uchun tayyorgarlikni hoziroq boshlamoq lozim. Bunda ahamiyat qaratish lozim bo’lgan jihatlardan biri o’zingiz bilan qanday kiyimlar olib olish masalasidir. Biz sizlarga bu borada ayrim tavsiyalarni berib o’tishni lozim topdik.

  1. Shariatga muvofiqlik. Ayollar uchun maxsus haj libosi yo’q. Ehromga kirguncha kundalik hayotda kiyish talab etiladigan liboslar kiyiladi. Ayollarning liboslari keng, yopishib turmaydigan, tana shaklini bildirmaydigan, ichni ko’rsatmaydigan, erkaklarnikidan farqli bo’lmog’i lozim. Bu oyoqqa ham taalluqli bo’lib, ichi ko’rinmaydigan paypoqlarni kiyish kerak. O’zingiz bilan imkoni boricha bir nechta uzun va kengroq ko’ylak, ro’mol, keng yubka va uzun kofta olib oling. Ehromga kirgandan so’ng kiyimga xushbo’y vositalar surish, uni hidli poroshokda yuvish mumkin emas. Yuz va qo’l panjasini bekitish ham mumkin emas. Aks holda jarima to’lashga to’g’ri keladi.

  2. Libos rangi. Hajda buning ham ahamiyati yo’q. Issiq paytda, albatta, yorqin rangdagi kiyim kiyish yaxshidir. Arafa kunida ko’pchilik oq rangli kiyim kiyishni xush ko’radi. Aslida oq rangni unchalik tavsiya qilinmaydi. Boisi bu rangdagi libos va ro’molda tana ko’rinishi ehtimoli bor. Bu katta xatodir. Zero,  ibodatlar to’liq bo’lmay qolishi ham mumkin.

  3. Libosning matosi. Bunda ham ma’lum talab yo’q. Asosiysi – qulaylik. Ammo, tabiiy matolarni tanlagan ma’qul – paxta, trikotaj, shtapel, lyon (zig’irpoya tolasidan mato) singari. Sintetik matolarning aksariyati havo o’tkazmaydi. Bunday kiyimda ko’p terlash kuzatiladi.

  4. Issiq kiyimlar. Sizni havo harorati 50 gradusgacha issiq bo’ladigan makonga ketayotganingiz chalg’itib qo’ymasin. Masjidlarda konditsionerlar to’liq quvvatda ishlaydi, shu bois o’zingiz bilan issiqroq kiyimlar olib olishingiz maqsadga muvofiq. Ko’pchilik quyosh tig’ida Ka’ba atrofida tavofni bajarib, terlaydi, so’ng Safo va Marva tepaligi oralig’ida sovuq marmarda sa’yni amalga oshiradi. Bu ba’zida kasallanishga sabab bo’ladi. Shu bois, sog’lig’ingizga e’tibor bering, o’zingiz bilan issiq paypoq olib oling. Bundan tashqari, Mino va Muzdalifada ham kechqurunlari salqin bo’ladi.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

 

 

 

 

972
19.07.2018