ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
AHIL QO'SHNICHILIK HAJ MAVSUMIDA HAM O'Z IFODASINI TOPDI

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyayevning  qo‘shni Davlatlar rahbarlari bilan birgalikda ahil qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish borasida olib borayotgan sa’y-harakatlari nafaqat mamlakatimizda, balki, Markaziy Osiyo  mintaqasida  ijobiy natijalar bermoqda.

Xususan, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdek ulkan savobli ish nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Afg‘oniston  kabi O‘zbekiston bilan chegaradosh davlatlarning   fuqarolarida ham yuksak minnatdorchilik kayfiyatini uyg‘otmoqda. Necha asrlardan buyon bir-birlari bilan qudachilik, qarindoshlik rishtalarini bog‘lagan bu qo‘shni va qardosh xalqlar o‘rtasida ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz, bemalol chegaradan o‘tish imkoniyati ochilganligining o‘zi, mintaqa xalqlari uchun taqdim etilgan yaqin yigirma besh yil ichidagi ulkan imkoniyatdir. “Haj 2018” mavsumida haj ibodatini ado etish asnosida ham ushbu qo‘shni va qardosh xalqlar Allohning inoyati ila Mino vodiysi va Arofot maydonidagi ibodatlarni ham deyarli qo‘shni bo‘lib ado etdilar.     Ta’kidlash kerakki, haj ibodatining asosiy amali hojilarning Arofot maydonida turishidir. Arofot duolar qabul va niyatlar ijobat bo‘ladigan maskandir. Ana shunday duolar ijobat bo‘ladigan maskanda O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi bosh konsulligi taklifiga binoan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Ozarbayjon kabi Davlatlarning musulmonlar idorasi vakillari O‘zbekiston “Haj 2018” delegatsiyasining Arofot maydonidagi chodiriga tashrif buyurdilar. Mehmon davlatlar delegatsiyalari O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan va Jidda shahridagi  bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov tomonidan kutib olindi. Ushbu tadbirga Qozog‘iston Respublikasi musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Baurjan haji Esmaxan, Tojikiston Respublikasi musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abduvohid Hamidov, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlarining musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosarlari ham tashrif buyurdilar. Mehmonlar delegatsiyasi vakillarining Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga tatbiq etilayotgan islohotlarga nisbatan bildirgan fikrlarida, minnatdorchilik izhor etib, biz kabi qo‘shni va qardosh xalqlar uzilmas rishtalar bilan bog‘langanligimizni ta’kidladilar. Shuningdek, o‘zaro qo‘shnichilik munosabatlarida bundanda ahil bo‘lishimizni Allohdan so‘rab duolar qildilar.  Alohida qayd etish kerakki, mehmon davlatlar delegatsiyasi vakillari Toshkent shahridagi Imom Buxoriy nomidagi Islom instituti, nafaqat O‘zbekiston, balki,  Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan  ulamolar, xususan,  MDH davlatlarining ko‘plab muftiylarining ta’lim olishiga xizmat qilgan ulug‘ maskan, din va dunyo ilmlari borasidagi nufuzli ilm dargohi ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, ushbu tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro ahil qo‘shnichilik munosabatlarini amalga oshirish borasida, mintaqamiz ulamolarining ham yakdillik bilan, faol ishtirok etishlariga kelishib oldilar.

 

 

1048
30.08.2018