ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
“Siyrat musobaqasi” haqida batafsil

Mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar albatta biz yoshlar uchun berilayotgan imkoniyatlarning debochasidir.

Bu chora-tadbirlarning barchasi bilimimiz, salohiyatimiz, iqtidorimizning rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Turli ilm dargohlarida o’tkazilayotgan seminar, anjuman, tadbirlar ma’naviy yuksak, barkamol bo’lib voyaga yetishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shunday tadbirlardan biri Toshkent Islom universitetida 20-dekabr kuni o’tkazildi. Bu “Siyrat musobaqasi” bo’lib, Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayot yo’llari, oilalari, insonlar o’rtasidagi o’zaro munosabat, dinlararo bag’rikenglik, qolaversa, payg’ambarimiz alayhissalomning turli kasalliklarda bergan ko’rsatma va tabobatlariga bag’ishlangan fikrlari, hijratlari, elchilik munosabatlari, dunyo olimlarining Muhammad payg’ambarimiz haqidagi fikr mulohazalari haqidagi bilimlar sinovdan o’tishi uchun imkoniyat bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi. Musobaqada Toshkent islom universitetining “Dinshunoslik”, “Tarix”, “Psixologiya” yo’nalishlaridan jamlangan 6 ta guruh 4 shart asosida  o’zaro bellashdilar.

Musobaqa shartlarini tarix fanlari doktori, professor A.Hasanov, “Manbalar xazinasi” mudiri o’rinbosari B.Ahmedov, “Islom sivilizatsiyasini o’rganish ISESCO” kafedrasi mudiri D.Maxsudov, “Tarix” kafedrasi mudiri N.Nasrullaev, Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi xodimi A.Murotov hakamlar hay’ati a’zolari sifatida musobaqa jarayonini baholab berdilar.

 1-shartda Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayoti, faoliyatiga bag’ishlangan, talabalar tomonidan taqdim etilgan  devoriy gazetalar ko’rib chiqildi va baholandi.

Devoriy gazetalarda payg’ambarlar shajarasi, Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning xijratlari, Makkaning fath etilishi, Uhud jangi, Handaq g’azoti, Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning yashagan turar joylariga oid  tasvirlar va ular haqida so’zlab berilgan ma’lumotlar talabalarda katta qiziqish uyg’otdi.

Yig’ilgan baholar hisoblanguniga qadar tomoshabinlarga ham payg’ambarimiz tarixiga oid savollar bilan murojaat etildi. Bunda payg’ambarimizning ota-onalari, muazzinlari, bojalari, yoqtirgan buyumlari haqida qiziqarli savollar berib o’tildi.

2-shartda turli savol-javoblar o’tkazilib 10 ta qisqa savollar berilib islom tarixi haqidagi bilimlari sinovdan o’tkazildi. Jumladan, namoz, azon, urush xarom qilingan oylar, Payg’amlarimiz (s.a.v.)ning ammalari, xolalari, amakilari to’g’risidagi savollar berildi.

Javob natijalari e’lon qilingunga qadar “Dinshunoslik”1-kurs talabalari tomonidan Payg’ambarimiz (s.a.v.)ga bag’ishlangan she’r namoyish etildi.

3-shart “Bu kim” deb nomlanib, islom tarixiga oid kitobdan shaxs nomlari, sahobalar to’g’risida savollar berildi va talabalarning olgan bilim va ko’nikmalari baholandi.

Bu shart baholanguncha “Dinshunoslik” 1-kurs talabasi Ismatov Jahongirdan mazmunli she’r taqdim etildi. So’ngra yana tomoshabinlarga savollar berilib, ularning ham bilimlari tekshirildi. 

    4-shartga ko’ra taqdimot ko’rsatish vazifasi berilgan bo’lib, bunda talabalarga payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) hayotlari bilan bog’liq bo’lgan voqealarni sharhlab berish yuklatildi. Bu shartni ham talabalar faollik bilan amalga oshirdilar. Taqdimotning mavzulari Muhammad alayhissalomning muamalotlari, ulardagi diniy bag’rikenglik, mo’’jizalari, tabobatlari, elchilik munosabatlari,  turli olimlarning jumladan, Gyote, Lamartin, Shebol, Tolstoy va boshqalarning  payg’ambarimiz xaqidagi fikr-mulohazalari namoyish etildi. 

Nihoyat musobaqaning so’nggida hakamlar tomonidan faol guruh aniqlandi. Hisob-kitob natijalariga asosan, 1-o’rinni “Tarix” yo’nalishi, 2-kurs  talabalari egalladilar.

2-o’rin “Dinshunoslik” yo’nalishi 2-kurs talabalariga nasib etdi.

3-o’rinni “Tarix” yo’nalishi 1-kurs talabalari qo’lga kiritdi.

G’olib guruhlar universitet tomonidan esdalik sovg’alari, kitoblar bilan taqdirlandilar.

Ishtirokchilar va talabalar islom tarixiga oid ma’lumotlarga  xamda bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo’ldilar.

Bu tadbir bizlarga islom tarixini, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam siyratini, boy ma’naviy merosimizni chuqur o’rganish, tadqiq etish, turli yangi g’oyalar yaratish, salohiyatimizni kengaytirishimiz uchun katta ahamiyat kasb etdi.

 

Nigina Botirova,

 Toshkent islom universiteti talabasi

 

 

1953
21.12.2017