ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Kufrga boshlovchi gunoh haqida bilasizmi?

Sehr va folbinlik jamiyatimiz orasida mavjud bo’lgan illatlardan biridir. Bir hayotiy voqeni ibrat sifatida keltirmoqchiman, uni bir tanishim aytib bergan edi:

“Bir kelin oila qurganiga bir necha yillar o’tgandan so’nggina xomilador bo’ladi. Tabiiyki, bu vaqt mobaynida farzand ko’rish unga ushalmas orzudek bo’lib qolgan edi. Ammo Yaratgan zot bu oilaga yana farzand ko’rish umidini beradi. Shifokor “farzand kutyapsiz”, deganda o’zida yo’q baxtiyor edi. Chunki bir necha yillardan beri “qachon farzandli bo’lasiz” degan savollarga javob topish qiyin edi. Shunday kunlarda homilador kelin tushida noxush holatni ko’radi. Ko’rgan tushi haqida ovsiniga aytganida, u ham o’ylab o’tirmay,  falonchi folbinga borsangiz tushingizni ta’birini aytib beradi, deydi. Bechora kelinning halovati yo’qoladi. Tursa ham, o’tirsa ham yomon tushning oqibati kelajakda tug’iladigan farzandiga ta’sir qilmasmikan, degan o’ylar tinchlik bermaydi.

“Nima bo’lsa bo’ldi”, deb ovsini aytgan folbinga bormoqchi bo’ladi. Folbinga borish-bormaslikni qolaversa, tushi haqida ham turmush o’rtog’iga aytmay folbin oldiga boradi. Folbin ham dovdirab turgan yangi mijozdan yaxshigina “aqcha” ishlab olish uchun o’z mahoratini ishga soladi. Kelinchakka har-xil bo’lmag’ur narsalarni gapiradi, bu ham yetmaganidek, “farzandingiz o’lik tug’iladi” deydi. Kelinning qanday holga tushganini tasavvur qilish qiyin.

U kechasi bilan mijja qoqmay chiqadi va ertasiga rasmiy masjid imom-xatibi oldiga borib, folbinning gaplarini aytadi, buning yechimini so’raydi.  Imom-xatib ayolga avvalo folbinga borish mumkin emasligini, uning oqibati haqida tushuntirib, quyidagi xadisni aytib beradi:

  • Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo’y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).

  • Endi – deydi imom domla ayolga yuzlanib, – dunyoga keladigan farzandingizni o’lik yoki tirik tug’ilishi faqat Alloh taologa ma’lum bo’lgan ishdir. Folbin Xudo emas. Faqat jinlardan ba’zi narsalarni bilib, bo’rttirib gapirishni biladi xalos. Bu haqda Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so’rashdi. U zot roziyallohu anho: «Ular haq emaslar», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo’lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o’g’irlab (o’g’rincha bilib) oladi-da uni do’sti (folbin)ning qulog’iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg’onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Imom-xatibning so’zlaridan ko’ngli xotirjam bo’lgan ayol  xursand bo’lib uyiga qaytib ketadi. Ma’lum vaqt o’tgandan keyin o’sha ayol yana imom domlaning oldiga keladi va shunday deydi:

  • Sizning aytgan gaplaringiz to’g’ri ekan, kelajakni faqat Alloh taolo bilishiga ekaniga iqror bo’ldim. Allohga shukr, to’rt muchasi sog’lom o’g’il farzand ko’rdim, mumkin bo’lsa farzandim xaqqiga duo qilib qo’ysangiz. O’sha folbinni gapiga ishonganimda meni va farzandimni ahvoli ne kechardi. Xudoning o’zi bir asradi. Menga o’xshab aldanib yurgan qanchadan-qancha insonlarga murojaatim – folbinning gapiga ishonmang, chunki u xudo emas”.

Darhaqiqat, farzandli bo’lish uchun o’zini o’tdan – cho’qqa urib mutaxassislarga uchrab, kerakli dori – darmonlarni ichib muolaja qilayotganlar oramizda uchrab turadi. Ba’zan ko’pgina harakatlardan keyin ham natija chiqmayotganiga guvoh bo’lamiz. Biroq, farzandli bo’lish ne’mati bir yoqlama sabablargagina bog’liq ish emas. Alloh taolodan sabr-toqat ila  astoydil iltijo qilish ham zarur amallardandir.  Bu borada ikki yoshning ota-onasi, yoshi ulug’lar nasihat qilib, farzand atalmish ne’mat bu Allohning irodasi bilan xohlagan insonga  beriladigan  ilohiy hadya ekanligini va albatta sabrli bo’lishni  tushuntirib borishlari kerak. Inson zotiga farzand ato etish haqida  Alloh taolo  Sho’ro surasida shunday marhamat qiladi: “Osmonlar va yer Allohning mulkidir. U O’zi xohlagan narsani yaratadi. U O’zi xohlagan kishiga qizlarni hadya etadi va O’zi xohlagan kishiga o’g’illarni hadya etadi. Yoki ularni egizak o’g’illar va qizlar qiladi (ham o’g’il, ham qiz beradi) va O’zi xohlagan kishini bepusht (befarzand) qilib qo’yadi. Albatta, U (barcha narsani) biluvchi va (barcha narsaga) qodir (zot)dir”. (49-50 oyatlar)                 

Endi xalqimiz orasida ko’pincha dastak qilib olinadigan “Folga ishonma, folsiz yurma” degan gapga to’xtalsak. Tilimizdagi “fol” so’zi asli arabcha bo’lib, “fa’l” shaklida qo’llanadi. Buning ma’nosi “xursandchilik keltiruvchi so’z yoki ish”dir. Uning aksi “shum” bo’ladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkin-ki, Islom shariatida shumlanishdan qaytarilgan bo’lib, tafoul, ya’ni yaxshi folga (chiroyli so’z, yaxshi gumon qilishga) ruxsat berilgan. “Fol ko’rish” arab tilida “fol o’qish”  deyiladi. Bu kelajakda bo’ladigan narsalardan xabar berishdir. Bu ish shariatda qoralangan. “Yaxshi fol” (tafoul) deganda esa voqea va hodisalarni yaxshilikka yo’yish nazarda tutiladi.  Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Shumlanish yo’q. Uning yaxshisi foldir”, deganlarini eshitdim. Shunda: “Fol nima?” deb so’raldi. U zot: “U birontangiz eshitadigan yaxshi so’zdir”, dedilar” (Buxoriy, Muslim, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).  

 Demak, mo’min odam fol ochmaydi, fol ochtirmaydi – folbin uyiga qadam bosmaydi. Balki turli holatlarda sodir bo’ladigan ishlarni faqat ezgulikka yo’yadi, Allohdan yaxshilik umidida bo’ladi. Xulosa o’rnida aytadigan so’zimiz – azizlar xudolikni davo qilmoqchi bo’lganlarni  oldiga borib iymon-u e’tiqodimizni poymol qilmaylik. Kimki shu ishni qilgan bo’lsa, shu bugunoq tavba qilsin, Alloh kechiruvchi Zot. Agar ulgura olmay qolsak, Allohning o’zi asrasin, qiyomatda Muhammad sollallohu alayhi va sallamga tushgan dinda turmaslik xavfi bor. Hammaga Yaratgandan tavfiq va ofiyat so’rab qolamiz.

 

     M.Abdusaitov

Bo’stonliq tumani “Doniyor bin Ozod”

jome masjidi imom-noibi     

 

 

 

 

3222
05.01.2018